Qirg‘iziston va Tojikiston chegaradan og‘ir texnikalarni olib chiqishni boshladi

Tashiyevning aytishicha, Qirg‘iziston tomoni protokolning barcha bandlariga qat’iy amal qilish niyatida va Tojikiston ham xuddi shunday yo‘l tutishiga umid qilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 26 sen — Sputnik. Qirg‘iziston va Tojikiston ikki davlat chegarasidan og‘ir texnikalarni olib chiqishga kelishib oldi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev ma’lum qildi.
Yakshanba kuni Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida mojaroga barham berish va ikki davlat chegarasidagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha protokol imzolangani aytilgandi.

“Ushbu protokolning eng muhim bandlaridan biri chegaradan og‘ir harbiy texnikani olib chiqib ketishdir. Biz chegara xizmatiga faqat davlat chegaralarini himoya qila oladigan qurollarni qoldiramiz, jang qiladiganini emas”, - dedi davlat qo‘mitasi raisi.

Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston tomoni protokolning barcha bandlariga qat’iy amal qilish niyatida va Tojikiston ham xuddi shunday yo‘l tutishiga umid qilmoqda.
Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida yirik to‘qnashuvlar 14-sentabr kuni ertalab boshlandi. Tomonlar bir-birini o‘q uzganlikda aybladi. Ikki davlat harbiylari o‘rtasidagi shiddatli janglar chegaraning deyarli butun perimetri bo‘ylab kun bo‘yi davom etdi. O‘t ochishni to‘xtatishga faqat tunda erishildi. 17-sentabr kuni ertalab vaqti-vaqti bilan to‘qnashuvlar yana boshlandi. Tomonlar bir-birini sulh bitimini buzganlikda aybladi. Otishma faqat kechga yaqin to‘xtadi.
Qirg‘iziston tomoni to‘qnashuvlar natijasida 62 nafar fuqarolari halok bo‘lgani va 198 nafari yaralanganini ma’lum qilgan. Tojikiston 41 kishi halok bo‘lgani va 30 kishi yaralanganini ma’lum qilgan.
25 sentabr kuni Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari vaziyatni tartibga solish bo‘yicha protokolni imzoladi, unda ular chegaradagi mojarolarni to‘xtatish va davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya jarayonini tezlashtirishga kelishib oldi. Shuningdek, hujjatga ko‘ra, tomonlar to‘qnashuvlar tez-tez sodir bo‘ladigan joylarda tomonlarning har biriga to‘rtta chegara punktlarini qo‘yishga kelishib oldi.