Qirg‘iziston prezidenti Abdulla Aripovni qabul qildi

Uchrashuv davomida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga bo‘lajak davlat tashrifi ham muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 26 sen — Sputnik. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston hukumati rahbari Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha hukumat delegatsiyalarining qo‘shma majlisida ishtirok etish maqsadida Bishkekda bo‘lib turibdi.
Sadir Japarov uchrashuv yakunlari ikki davlat xalqlari manfaatlaridan kelib chiqqan holda o‘zbek- qirg‘izdavlat chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha huquqiy jarayonni tezroq yakunlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Suhbat chog‘ida Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga bo‘lajak davlat tashrifini ham muhokama qilishdi va tashrif davomida belgilangan qo‘shma reja va loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratishdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev Qirg‘iziston - O‘zbekiston Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma majlis bayonnomasini imzoladi.
Mazkur hujjat o‘zbek—qirg‘iz davlat chegarasinining ayrim hududlari to‘g‘risidagi yangi Shartnoma loyihasini kelishish tartibini boshlash imkonini beradi.