Maktab direktorlaridan takliflarni qabul qiluvchi maxsus bot ishga tushirildi

Xalq ta’limi vazirligi barcha maktab direktorlarini hamkorlikda ta’lim tizimini rivojlantirishda faol bo‘lishga chaqirmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 26 sen — Sputnik. Respublikadagi maktablarda mavjud muammolarni o‘rganish va ularni hal etib borish maqsadida maxsus Telegram bot tashkil qilindi. Bu haqida Xalq ta’limi vazirligi xabar berdi.

"Hozirda 10 mingdan ortiq maktabda 700 mingdan ortiq soha xodimlari faoliyat yuritadi. Qariyb 6,4 mln o‘quvchi ta’lim oladi, tizimda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarning ko‘lami ham shunga mos ravishda juda ko‘p. Albatta, Xalq ta’limi vazirligi har bir maktabga bir vaqtning o‘zida borib, muammolarni hal etishi imkonsiz”, deyiladi xabarda.

Shu bois, respublikadagi maktablarda mavjud tizimli yoki o‘ziga xos bo‘lgan muammolarni o‘rganish va ularni hal etib borish orqali maktablarda ta’lim-tarbiya jarayonlarini yaxshilash maqsadida maxsus bot @direktor_murojaati_bot tashkil qilindi.
Ushbu Telegramm-bot orqali maktab direktorlari maktabdagi ta’lim, tarbiya, kadrlar masalasi, o‘quvchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, mahalliy hokimlik va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikdagi masalalar yuzasidan murojaat etishi, sohani rivojlantirish bo‘yicha takliflar yo‘llashi mumkin.
Vazirlik mutasaddilari mavjud muammo va takliflarni ko‘rib chiqib, yechimini topish uchun tegishli choralarni ko‘radi.
Xalq ta’limi vazirligi barcha maktab direktorlarini hamkorlikda ta’lim tizimini rivojlantirishda faol bo‘lishga chaqirmoqda.