TOShKENT, 25 sen — Sputnik. Dunyo yanada barqaror, bashorat qilinadigan va gullab-yashnashi uchun samarali xalqaro hamkorlik zarur. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida so‘zlagan nutqida ta’kidladi.
Dunyodagi vaziyat
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy dunyoda global darajadagi chuqur ishonch inqirozi, barqarorlik va xavfsizlikka tahdidlarning kuchayishi, geosiyosiy qarama-qarshiliklarning keskinlashuvi va blok tafakkurining qayta tiklanishi xavfi kuzatilmoqda.
Qurolli to‘qnashuvlar dunyoning turli burchaklarida kengayishi va kuchayishi oqibatida hali pandemiya oqibatlaridan tiklanishga ulgurmagan xalqaro savdo-iqtisodiy aloqalarni beqarorlashmoqda. Oziq-ovqat va energiya xavfsizligini ta’minlash muammolari yanada og‘ir tus olayotir.
Norov global iqlim o‘zgarishi, tabiiy va suv resurslarining yetishmasligi, yuqumli kasalliklar tarqalishi mojarolarning kuchayishi, gumanitar inqirozlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lib, insoniyat hayotiga tahdid solayotganini qayd etdi.
“Hech bir mamlakat global xavf va qiyinchiliklardan qochib qutula olmaydi yoki ularni yolg‘iz o‘zi hal qila olmaydi. Inqirozlarning xavfli spiralidan chiqish barcha mamlakatlar manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan konstruktiv muloqot va ko‘p tomonlama hamkorlikda ko‘rinadi. Dunyo yanada barqaror, bashorat qilinadigan va gullab - yashnashi uchun samarali xalqaro hamkorlik zarur”, - O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri.
U bugungi sharoitdan kelib chiqqan holda BMTning global va mintaqaviy muammolarni hal qilishdagi markaziy rolini kuchaytirish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Tashkilotning o‘zi ham sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarga samarali javob berish uchun rivojlanishi kerak.
Norov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev sentabr o‘rtasida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida Samarqand birdamlik tashabbusini ilgari surganini eslatdi.
“Uning maqsadi xalqaro munosabatlarda o‘zaro ishonch va barqarorlikni tiklashga ko‘maklashish, shuningdek, geosiyosiy raqobat, mafkuraviy qarama-qarshiliklar va tortishuvlardan xoli bo‘lgan keng muloqotni yo‘lga qo‘yish orqali birdamlikni mustahkamlashdan iboratdir”, - deya tushuntirdi vazir.
Ushbu tashabbusni amalga oshirish masalalarini 2023-yili Samarqand forumida BMTning yuqori darajali vakillari, siyosiy yetakchilar, jamoat, biznes va ilmiy doiralarning nufuzli arboblari ishtirokida ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.
Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi
TIV rahbari o‘z nutqida bu yil mamlakatda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi” qabul qilinganini ta’kidladi. U demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, aholi turmush darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan.
Norov O‘zbekiston muhim siyosiy tadbir – Konstitutsiyaviy islohotlar arafasida turganini qayd etdi. Asosiy qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar xalq muhokamasida ko‘rib chiqiladi va referendumga qo‘yiladi.
Iqlim o‘zgarishi
Vazir O‘zbekiston "yashil" kun tartibining dolzarb masalalarini ilgari surish va iqlim o‘zgarishi jarayonlarini jilovlash borasidagi ko‘p tomonlama sa’y-harakatlarda faol ishtirok etishga tayyorligini qayd etdi.
O‘zbekiston Parij kelishuvi doirasida issiqxona gazlarini kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyat olgani, "yashil" iqtisodiyotga o‘tish va qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli strategiyani amalga oshirayotir.
O‘tgan yili O‘zbekiston prezidenti "Yashil makon" nomli keng ko‘lamli tashabbusni ilgari surdi. Uning doirasida kelgusi besh yil ichida butun mamlakat bo‘ylab 1 milliard daraxt va buta ekish ko‘zda tutilgan.
Joriy yil yakuniga qadar BMT shafeligida Nukusda birinchi Orolbo‘yi xalqaro forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.
2023 yili O‘zbekistonda ilk marotaba BMTning yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiyasi tomonlarining 14-konferensiyasini, shuningdek, Cho‘llanishga qarshi Konvensiyani amalga oshirishni ko‘rib chiqish bo‘yicha Qo‘mitaning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkaziladi.