O‘zbekiston olxo‘risini asosan kim sotib olayotgani ma’lum bo‘ldi

2022 yilning 8 oyida O‘zbekiston eng ko‘p olxo‘rini Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iziston va Belarusga sotgan.
Sputnik
TOShKENT, 23 sen — Sputnik. O‘zbekiston 2022-yilning yanvar-avgust oylarida Qozog‘istonga 28,2 ming tonna, Rossiyaga esa 16,4 ming tonna olxo‘ri eksport qilgan, deya xabar berdi Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati.

Statqo‘mga ko‘ra, O‘zbekiston joriy yilning dastlabki yetti oyida xorijga qiymati qariyb 22,6 mln dollarga teng bo‘lgan 46,7 ming tonna olxo‘ri eksport qilgan. Olxo‘ri eksporti o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda qariyb 28,1 ming tonnaga oshgan.
O‘zbekiston eng ko‘p olxo‘ri eksport qilingan davlatlar:
Qozog‘iston - 28,2 ming tonna;
Rossiya - 16,4 ming tonna;
Qirg‘iziston - 1,9 ming tonna;
Belarus - 102,2 tonna.
Yanvar-avgust oylarida xorijga eng ko‘p olxo‘ri eksport qilgan hududlar bular - Farg‘ona viloyati – 15,5 ming tonna, Surxondaryo viloyati – 6,7 ming tonna, Samarqand viloyati – 5,5 ming tonna.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2022-yilning 8 oyida O‘zbekiston eng ko‘p shaftolini Rossiyaga (62,9 ming tonna) eksport qilgan.