TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida joylashgan xonadondan III-IV asrga oid topilma aniqlandi. Bu haqida Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Eksponat xonadondagi qadimiy qabrdan topilgan. Qabr “Qovunchi” madaniyatiga oid bo‘lib milodiy III-IV asrlarga qadar bo‘lgan davrga tegishli.
“Qabrdan shu davrda yashagan odam suyak qoldiqlari, 1 ta skelet va 9 xil turli hajm va shakldagi sopol buyumlar topildi”, - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ko‘zalardan faqat 1 donasi siniq holatda bo‘lib, qolgani nisbatan yaxshi saqlangan. Shuningdek qabrdan 1 dona ayollar munchog‘i ham qazib olingan.
Ayni vaqtda topilma Yangiyo‘l shahar Usmon Yusupov uy muzeyida saqlanmoqda.