Qashqadaryoda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishlab chiqaruvchilar klasteri tashkil etiladi

Klaster doirasida umumiy qiymati 38,7 mln dollarlik 6 ta loyiha amalga oshiriladi va buning natijasida 500 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Qashqadaryoda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishlab chiqaruvchilar klasteri tashkil etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 21-sentabr kuni qabul qilingan 518-sonli qarorida belgilangan.
Qaror bilan “Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasi hududida quyosh suv isitish uskunalari, quyosh fotoelektrik panellari, shamol, biogaz, gidroelektr qurilmalari va inshootlarini, elektr energiyasini saqlovchi akkumulyatsiya tizimlari va boshqa yordamchi jihoz hamda uskunalarni ishlab chiqarish klaster usulida tashkil etiladi.
Shu munosabat bilan quyosh suv isitish uskunalari va quyosh fotoelektrik panellarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “Solar cluster” klasteri ishtirokchilari tomonidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati ham tasdiqlandi.
Ta’kidlash joizki, klaster doirasida umumiy qiymati 38,7 mln dollarlik 6 ta loyiha amalga oshiriladi va buning natijasida 500 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi.