TOShKENT, 22 sen - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat avvalida Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidentini tavallud kuni bilan dildan qutlab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar turkman xalqiga esa farovonlik tilagan.
O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
“Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarning keng qamrovli kun tartibini tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. O‘zaro savdoni ko‘paytirish, sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligida kooperatsiyani chuqurlashtirish, madaniy-gumanitar almashinuv dasturini kengaytirish uchun mavjud imkoniyatlar qayd etildi”, - deyiladi xabarda.
Davlat rahbarlari mintaqaviy hamkorlik istiqbollari yuzasidan ham fikr almashgan. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Samarqand sammitining sermahsul natijalari yuksak baholangan.
Muloqot yakunida O‘zbekiston prezidenti birodar Turkmaniston prezidenti va xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – Mustaqillik kuni bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, barqaror taraqqiyot va ravnaq tilagan.
“Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedovning suhbati har doimgidek samimiyat, ishonch va do‘stlik ruhida o‘tdi”, - deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, bugun, 22-sentabr kuni 41 yoshni qarshiladi.