TOShKENT, 21 sen — Sputnik. Sanksiyalar Rossiyaga qaraganda Yevropa ko‘proq azob chekmoqda. Bu haqda Vengriya Tashqi ishlar vazirligining ikki tomonlama munosabatlar bo‘yicha davlat kotibi Tamash Menser ma’lum qildi.
“Sanksiyalar kiritilgan paytda, Brussel ular Yevropaga qaraganda Rossiya uchun og‘irroq bo‘lishini aytgandi. Bu ham ro‘y bermadi. Gap , aytish joiz bo‘lsa, “azob-uqubat musobaqasi” boshlangani haqida borapti”, - dedi u M1 telekanaliga bergan intervyusida.
Menser sanksiyalarning uzoq muddatli istiqbollari haqida gapirayotganlar siyosiy voqelik va hozirgi muammolar jiddiyligini qabul qilishmayotganliklarini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaziyatda sanksiya siyosati samaralimi yoki yo‘qligi ustida bosh qotirmoq zarur.
Avvalroq Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto Yevropa ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar to‘plami haqidagi suhbatlarni bas qilishi kerakligi, bu Yevropadagi energetika inqirozini faqat kuchaytirishini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumot uchun, G‘arb davlatlari Ukrainadagi maxsus operatsiya fonida Rossiyaning neft va gaz eksportidan keladigan daromadlarini cheklash bo‘yicha turli urinishlarni amalga oshirishda davom etmoqda. Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, uglevodorodlari yetkazib beruvchi zanjirlarining uzilishi Yevropa va AQShda yoqilg‘i va oziq-ovqat narxlarining oshishiga olib keladi va bu jarayon allaqachon boshlangan.
Vladimir Putin avvalroq Rossiyani jilovlash va kuchsizlantirish siyosati G‘arb davlatlari uchun uzoq muddatli strategiya ekanligini va sanksiyalar butun jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba berganini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arbning asosiy maqsadi millionlab odamlar hayotini yomonlashtirishdir.