Vazir o‘rinbosari Termiz shahriga hokim bo‘ldi

Qurilish vaziri o‘rinbosari O‘ktam To‘rayev Termiz shahar hokimi etib tayinlandi.
Sputnik
TOShKENT, 21 sen — Sputnik. O‘ktam Ismoilovich To‘rayev Termiz shahar hokimi etib tayinlandi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun Xalq deputatlari Termiz shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida 2017-yilning fevral oyidan buyon Termiz shahar hokimi lavozimida ishlab kelgan Isroil Bo‘riyevich Xudoyberdiyev vazifasidan ozod qilingan.
Termiz shahar hokimi lavozimiga O‘ktam To‘rayev nomzodi ko‘rsatilib, deputatlar tomonidan tasdiqlangan.
O‘ktam To‘rayev 1979-yilning 25-oktabrida Muzrabot tumanida tug‘ilgan. 2000-yilda Termiz davlat universiteti, 2002-yilda Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti, 2011-yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida Muzrabot tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, Boysun va Sariosiyo tumanlarida hokimlik qilgan. 2021-yilning may oyidan Qurilish vazirining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan.