TOShKENT, 20 sen — Sputnik. Xitoy xalqi Tayvan masalasida Xitoyni qo‘llab-quvvatlagani uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putindan minnatdor. Bu haqda Suchjou universiteti professori, Xitoy va globallashuv markazi direktori o‘rinbosari Gao Chjikay RIA Novosti agentligiga ma’lum qildi.
O‘tgan hafta Samarqandda bo‘lib o‘tgan ShHT sammiti doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Szinpin uchrashgan edi. Davlat rahbarlari tomonlarni qiziqtirgan asosiy xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashdi. Xususan, Putin Rossiya AQSh va uning “yo‘ldoshlari”ning Tayvan bo‘g‘ozidagi provokatsiyalarini qoralashini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya “bitta Xitoy” tamoyiliga qat’iy amal qiladi.
“AQShning qo‘rqitishlari oldida Putin Tayvan masalasida Xitoyni ochiq qo‘llab-quvvatlaydi, Xitoyning asosiy manfaatlarini qo‘llab-quvvatlaydi va Xitoyning do‘sti hisoblanadi, buning uchun butun Xitoy xalqi undan juda minnatdor”, - dedi Gao Chjikay.
U, shuningdek, AQSh Tayvan siyosati to‘g‘risidagi qonun loyihasini ilgari surayotgan bir paytda Putinning bunday pozitsiyasini namoyish etishi Xitoy xalqini Xitoy-Rossiya munosabatlarini yaxshi saqlashga yanada rag‘batlantirishini ta’kidladi.
Tayvan atrofidagi vaziyat AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining avgust oyi boshida orolga tashrifidan keyin keskinlashdi. Orolni o‘z provinsiyalaridan biri deb bilgan Xitoy bu safarni AQShning Tayvan separatizmini qo‘llab-quvvatlashi deb bilgan holda qoraladi va keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.