TOShKENT, 20 sen — Sputnik. “Nurli maskan” maktabining o‘quvchisi shashka bo‘yicha jahon chempionatida oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu haqida Toshkent shahar IIBB xabar berdi.
“Shashkachilarimiz jami 12 ta, shundan 4 ta oltin, 6 ta kumush va 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdilar. Sadoqat Tuleboyeva 23 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar o‘rtasida klassik yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni, rapid yo‘nalishida esa bronza medali sovrindori bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
O‘zbekiston terma jamoasidan 13 nafar sportchi, jumladan, Ichki ishlar vazirligi otalig‘idagi 77-sonli “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 10-sinf o‘quvchisi Sadoqat Tuleboyeva ham ishtirok etdi.
Qozog‘istonda 3-15 sentabr kunlari ko‘rish imkoniyati cheklangan va ko‘zi ojiz shashkachilar o‘rtasida 64 katakli shashka bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi.
Unda Rossiya, Polsha, Litva, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlatlaridan shashkachilar qatnashishdi.