TOShKENT, 20 sen — Sputnik. Dunyoda "omikron"ning turli mutatsiyalari dominant versiyalarga aylanib bo‘lgan. Bu Xalqaro sog‘liqni saqlash tuzilmalari o‘tkazgan maxsus tadqiqotda ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, olimlar tadqiqot davomida molekulyar-genetik biologiyaning 219 ta usuli yordamida dunyoning turli mintaqalaridan olingan 16 ta tahlil namunasini tekshirgan.
“Yakunda tadqiq etilgan barcha natijalar “omikron” variantiga taalluqli ekanligi tasdiqlandi. Xususan, yettita holat BA.5.2 mutatsiyasi namunasi bo‘lib, u AQShda 18 foiz, Buyuk Britaniyada 13 foiz tarqalgani taxmin qilinmoqda”, - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, yana uchta namuna esa “omikron”ning BA.5.2.1 kichik shtammiga tegishli bo‘lib chiqqan. U AQShda aniqlanayotgan jami koronavirus mutatsiyalarining 39 foiziga teng. Qolgan boshqa holatlar BA.2, BF.5, BF.7, BA.5.1, BA.4.6 modifikatsiyalari ekanligi aniqlangan.
Ayni paytda mutaxassislar aholiga buster dozada vaksina olishni tavsiya etmoqda. Ularning ta’kidlashicha, emlanish koronavirusdan himoyalanishning yagona xavfsiz va samarali chorasidir.