“Angren Pipe Plant”ni xususiylashtirish jarayoni boshlandi - tafsilotlar

Mazkur korxona yiliga 8 ming tonna loyiha quvvatiga ega mis quvurlari ishlab chiqaradi.
Sputnik
TOShKENT, 20 sen — Sputnik. “Angren Pipe Plant” MChJning 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni boshlandi. Bu haqida Davlat aktivlari agentligi xabar berdi.
Korxona turli diametrli mis quvurlarini ishlab chiqaradi. Korxonaning loyiha quvvati yiliga 8 ming tonnani tashkil etadi. Asosiy xom ashyo 99,99% asosiy metall tarkibidagi katodli misdir.
Shu bilan birga, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 90 foizi eksportga, qolgan 10 foizi esa ichki bozorga chiqariladi. Kompaniyaning ustav kapitali 90,9 mlrd so‘mga teng.
Qabul qilingan takliflar quyidagi mezonlarga muvofiq tanlanadi:
davlat ulushini sotib olish uchun to‘lovga qobiliyatliligi;
xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini ta’qiqlashi mumkin bo‘lgan ma’muriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yo‘qligi;
O‘zbekistonning “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuniga rioya etilishi.
Ariza topshirishning oxirgi muddati - 20-oktabr.