Valdis Pelshning O‘zbekiston haqidagi filmi namoyish etildi – video

Pelsh 36 daqiqalik hujjatli filmda O‘zbekistonning o‘ziga xos jihatlari, zamonaviy qiyofasi haqida o‘z nuqtayi nazarini taqdim etadi.
Sputnik
TOShKENT, 19 sen — Sputnik. Kecha, 18-sentabr kuni, Rossiyaning “Perviy kanal” (Birinchi kanal) telekanalida taniqli teleboshlovchi, produser va rejissor Valdis Pelshning “O‘zbekiston. Ufqqa nazar” (“Uzbekistan. Zaglyanut za gorizont”) hujjatli filmi ilk bor namoyish etildi.
Kinokartinada Valdis Pelsh 36 daqiqalik hujjatli filmda O‘zbekistonning o‘ziga xos jihatlari, zamonaviy qiyofasi haqida o‘z nuqtayi nazarini taqdim etadi, mamlakatning eng muhim tarmoqlari, jumladan, energetika qanday rivojlanayotgani haqida ma’lumotlar beradi.
Filmni yaratish uchun ijodiy guruh Samarqand, Toshkent, Shahrisabz hududlarida bo‘lib, mazkur shaharlarning ulug‘vorligi, go‘zalligi va iqtisodiy imkoniyatlari bilan tanishdi va kinoasarda aks ettirishdi.
“O‘zbekiston. Ufqqa nazar” nomli hujjatli kartinani tasvirga olish jarayoni 23 kun davom etgan va shu vaqt ichida suratga olish guruhi o‘nlab shaharlar va qiziqarli joylarni ziyorat qilgan.
“Biz O‘zbekistonni ko‘p qismini ko‘ra olmadik, biroq o‘zimiz uchun katta kashfiyotlar qildik. Masalan, Shahrisabz shahri (Qashqadaryo) biz uchun katta yangilik bo‘ldi. Shahar betakror, diqqatga sazovor joylar va sodda odamlarga ega ajoyib maskan ekan. Film sayohat janrida suratga olingan va unda ishtirok etgan barchaga katta rahmat”, - deya so‘zladi Valdis Pelsh.
Film "Eriell group" neft-servis kompaniyasining tashkiliy va homiylik ko‘magida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda suratga olingan.
Ma’lumot uchun, mazkur hujjatli filmni yaratish bo‘yicha Rossiya bilan memorandum 2020-yil dekabr oyida "O‘zbekiston kinosi: o‘tmish, bugungi kun, kelajak" O‘zbekiston madaniy merosi haftaligi doirasida imzolangan edi.