Rossiyadan Jizzaxga 20 ming tonna yuqori navli bug‘doy urug‘i olib kelindi

Import qilingan mazkur urug‘lar sababli O‘zbekiston sharoitida g‘alla hosildorligi 10-15%ga oshishi kutilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 19 sen — Sputnik. Rossiyadan Jizzax viloyatiga 20 ming tonna yuqori navli bug‘doy urug‘i olib kelindi. Bu haqida Urug‘chilikni rivojlantirish markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidagi P.P.Lukyanenko nomidagi Don milliy markazi seleksiyasiga mansub bug‘doy urug‘i O‘zbekiston tuproq-iqlim sharoitiga mos.
“Rossiya seleksiyasiga mansub ertapishar, yuqori hosilli bug‘doy navlarining urug‘ligini Jizzax viloyatidagi “Kenteks” MChJ agroklasteri tomonidan o‘z mablag‘lari hisobiga olib kelindi”, deyiladi xabarda.
Hozirda olib kelingan urug‘lik donni belgilangan tartibda tozalash, saralash, dorilash va qadoqlash tadbirlari olib borilmoqda.
Shuningdek, respublika bo‘ylab kuzgi muddatlarda ekish uchun g‘alla yetishtiruvchi agroklaster va fermer xo‘jaliklariga to‘g‘ri taqsimlash hamda yetkazib berish ishlarini tashkillashtirish amalga oshirilmoqda.
“Import qilingan mazkur urug‘lar sababli O‘zbekiston sharoitida g‘alla hosildorligi 10-15%ga oshishi kutilmoqda. Bunda urug‘ning o‘z vaqtida olib kelinishi katta ahamiyatga ega, chunki o‘z vaqtida ekilgan urug‘ yuqori hosil olinishiga puxta zamin yaratadi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tomonidan 2023-yil hosili uchun urug‘lik g‘alla maydonlarida o‘tkazilgan dala aprobatsiyasi natijalariga ko‘ra, 77,8 ming gektar yer maydonlari yaroqli deb topildi hamda 270 ming tonnadan ortiq urug‘lik don jamg‘arildi.