O‘zbekiston limonlarini asosan Rossiyaga eksport qilmoqda

2022 yilning 8 oyida O‘zbekiston limonlarini xarid qilgan davlatlar orasida rossiya yetakchilik qilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 19 sen - Sputnik. O‘zbekiston 2022-yilning yanvar-avgust oylarida 7 ta xorijiy davlatga qiymati 2,9 mln dollariga teng bo‘lgan 2,7 ming tonna limon eksport qilgan. Bundan Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari darak bermoqda.
Limon eksporti o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 85 tonnaga kamaygan.
2022 yilning 8 oyida O‘zbekiston limonlarini eng ko‘p Rossiya (1,7 ming tonna) xarid qilgan. Shuningdek, mamlakat Qozog‘iston (636 tonna) va Qirg‘iziston (303 tonna)ga ham limon eksport qilgan.
Xorijga eng ko‘p limon eksport qilgan hududlar:
Farg‘ona viloyati – 1,1 ming tonna;
Xorazm viloyati – 511 tonna;
Toshkent viloyati – 374 tonna;
Namangan viloyati – 227 tonna.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning iqlim sharoitida limonni faqat issiqxonalarda yetishtirish, unga sun’iy qulay muhit yaratish mumkin. Limon oktabrda, ba’zi turlari esa dekabr-yanvarda meva bera boshlaydi. Limonning sovuqqa chidamliligi past, ya’ni 2-2,5 daraja. Uning mevalari -3-4 darajada muzlab qoladi, daraxtning barglari va yosh shoxlari -6-7 daraja haroratda muzlaydi va o‘simlik -8-9 daraja haroratda boshdan oyoq muzlashi mumkin. Mevalarning o‘sishi va shakllanishida tuproqning holati katta ahamiyatga ega.
Ayni vaqtda O‘zbekistonda limon plantatsiyalari maydonlarini kengaytirish va yangi navlarni yetishtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.