TOShKENT, 18 sen — Sputnik. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotlarini ajratib qo‘yish mumkinligiga shubha bildirdi.
“Bunday bo‘lishi dargumon”, - dedi Kreml vakili “Rossiya-1” telekanaliga bergan intervyusida.
U jurnalistning AQShning Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotini ayirib qo‘yish istagiga munosabat bildirish iltimosiga shunday javob berdi.
“Chunki Rossiya Federatsiyasi va sobiq Sovet ittifoqi davlatlari iqtisodiyotlari ko‘p jihatdan o‘zaro bir-biriga bog‘liq. Qolaversa, ular bir-birini to‘ldiruvchi va o‘zaro manfaatli xususiyatga ega”, - deya tushuntirdi Peskov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hatto hozirgi sanksiyalar bilan bog‘liq oddiy bo‘lmagan zamonda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi barqarorligi va o‘zining istiqbolli ekanini tasdiqlamoqda.
Avvalroq AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) direktori o‘rinbosari Anjali Kaur Amerikaning Markaziy Osiyodagi maqsadi mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotini Rossiyanikidan ajratishdan iborat bo‘lishi kerakligini ma’lum qilgan edi.