Toshkentda Takeshi Kitano bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi

Takeshi Kitano: Mening eng yaxshi ko‘rgan ijodiy asarim hali kelajakda suratga oladigan filmimdir.
Sputnik
TOShKENT, 17 sen — Sputnik. Bugun Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida “Kinochilar uyi”da taniqli yaponiyalik kinorejissor va aktor Takeshi Kitano bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqida Sputnik muxbiri xabar berdi.
“Hozirda ko‘pchilik kichik ekranlarda kinofilm ko‘rishga o‘rganib qoldi. Netflix, Youtube, Google va boshqa platformalar orqali ko‘rishadi. Biroq kinokartinalarni katta zaldagi ekranlarda, kinoteatrlarda tomosha qilish lozim. Ana shunda uning effekti va ta’siri boshqacha bo‘ladi”, deydi Takeshi Kitano.
Yaponiyalik kinorejissor hozirgi zamonaviy yoshlarning ijodi hali mahorat darajasida emasligini, ko‘p o‘qib, izlanishlari lozimligi haqida ham so‘zladi.
Takeshi Kitano
“Kinosyomka jarayonlarida doim qiynalaman, hatto buyuk Akira Kurosava ham qayta va qayta dubllar bilan ishlagan, u ham filmlaridan qoniqmagan. Kompromiss bo‘lgan taqdirda ham meni ko‘nglim to‘liq to‘lmaydi”, deydi kinorejissor.
Kitano o‘z so‘zida eng yaxshi ko‘rgan filmlari haqida ham gapirib o‘tdi.
“Mening eng yaxshi ko‘rgan ijodiy asarim hali kelajakda suratga oladigan filmimdir. Hamma rejissorlar ham menimcha bu savolga shunday javob beradi”, deydi u.
Ma’lumot uchun, yaponiyalik kinorejissor va aktor Takeshi Kitano ijodi davomida “Venetsiya” xalqaro kinofestivalida “Oltin arslon”, Yevropa kinoakademiyasining “Eng yaxshi xorijiy film” nominatsiyasi g‘olibi, “Osiyo kinofestivali”da nufuzli mukofotlar bilan taqdirlangan.
Takeshi Kitano