Rossiya kompaniyasi O‘zbekistonga yadro yoqilg‘isini yetkazib beradi

Rosatomning “TVEL” yoqilg‘i kompaniyasi va O‘zbekiston Yadro fizikasi instituti o‘rtasida shartnoma imzolandi.
Sputnik
TOShKENT, 17 sen — Sputnik. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida VVR-SM tadqiqot reaktori uchun modifikatsiyalangan yadro yoqilg‘isini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Bu haqida Fanlar akademiyasi xabar berdi.
Mazkur shartnoma Rosatomning “TVEL” yoqilg‘i kompaniyasi va O‘zbekiston Yadro fizikasi instituti o‘rtasida imzolandi.
“O‘zbekistonga yadro yoqilg‘isini yetkazib berish 2022-2023 yillarda Fuel kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Novosibirsk kimyo konsentratlar zavodida ishlab chiqarilgan zich uran va uran-silitsid yoqilg‘isi ilgari O‘zbekistonga yetkazib berilgan standart IRT-4M yoqilg‘i komplektlariga nisbatan yuqori iste’mol xususiyatlariga ega.
Uranning yuqori konsentratsiyasi tufayli yoqilg‘i kompaniyasining davomiyligini mutanosib ravishda oshirishni ta’minlash mumkin.
VVR-SM reaktori yadro fizikasi, radiatsion materiallarshunoslik, faollashuv tahlili, minerallarni nurlantirish, shuningdek, tibbiy va sanoat maqsadlarida radioizotoplar ishlab chiqarish sohasidagi tadqiqotlar uchun ishlatiladi.
Ushbu inshoot uchun Rossiya yadro yoqilg‘isini yetkazib berish bo‘yicha avvalgi shartnoma 2017-yilning noyabrida Toshkentda ikki davlat bosh vazirlari ishtirokida imzolangan edi.
Ma’lumot uchun, Rosatomning yonilg‘i kompaniyasi TVEL yadro yoqilg‘isini ishlab chiqarish, uranni konvertatsiya qilish va boyitish, gaz sentrifugalarini ishlab chiqarish korxonalarini, shuningdek ilmiy-tadqiqot tashkilotlarini o‘z ichiga oladi.
Rosatomning yoqilg‘i bo‘limi dunyodagi eng yirik boyitilgan uran ishlab chiqaruvchi, shuningdek barqaror izotoplar bo‘yicha jahon bozorida yetakchi hisoblanadi.