O‘zbekiston gimnastikachilari 2023-yilgi JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

O‘zbekiston terma jamoasi musobaqada 7-o‘rinni egalladi.
Sputnik
TOShKENT, 17 sen — Sputnik. O‘zbekiston terma jamoasi badiiy gimnastika bo‘yicha 2023-yilgi Jahon Chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu haqida Sportni rivojlantirish vazirligi xabar berdi.
Shu kunlarda Bolgariya poytaxti Sofiya shahri badiiy gimnastika bo‘yicha jahon chempionati bahslari o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi musobaqada 7-o‘rinni egalladi hamda Ispaniyadagi jahon chempionatida olimpiada litsenziyasi uchun kurash olib borish huquqiga ega bo‘ldi.
Bolgariya, Isroil va Ispaniya terma jamoalari mos ravishda musobaqaning oltin, kumush va bronza medallari bilan bir qatorda Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma oldi.
Mazkur jahon chempionatining eng kuchli 24 ta jamoasi 2023-yili Ispaniyada bo‘lib o‘tadigan hamda Olimpiya o‘yinlariga litsenziya beradigan jahon chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Bugun musobaqaning yakka tartibdagi ko‘pkurash bahslarining final bosqichi bo‘lib o‘tadi. Saralashda yaxshi ishtirok etib final bosqichi yo‘llanmasiga ega bo‘lgan Taxmina Ikromova ishtirok etadi.