TOShKENT, 16 sen — Sputnik. O‘zbekiston va Xitoy Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida yangi dor yo‘llarini (po‘lat arqonli osma yo‘llar) qurishga kelishib oldi. Bu haqida Turizm va madaniy meros vazirligi xabar berdi.
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi hamda “Injiniring bo‘yicha Xitoyning “CAMCE” korporatsiyasi” hamkorlik to‘g‘risida memarandum imzoladi.
Memorandum doirasida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
O‘zbekistonda investitsion qurilish loyihalarini amalga oshirish va dor yo‘llarini ekspluatatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish;
Bitim doirasida investitsion loyihalarni ommalashtirish uchun ekspertlarni jalb qilish;
Dor yo‘llarini qurishga mo‘ljallangan joylarni tanlash hamda hamkorlikning texnik va moliyaviy darajadagi tafsilotlarini aniqlashtirish uchun mutaxassislar guruhini yuborish;
Dor yo‘llarini (po‘lat arqonli osma yo‘llar) ekspluatatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha o‘quv tashkillashtirish.
“Mazkur bitimni tayyorlash doirasida Xitoy korporatsiyasi vakillari hududning infratuzilma sharoitlarini o‘rganish uchun Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida “Chorvoq” TRZ direksiyasining investitsion loyihalari, shuningdek, tumanda dor yo‘llarini qurishga qiziqish bildirildi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, “Injiniring bo‘yicha Xitoyning “CAMCE” korporatsiyasi” XXR markaziy hukumatining boshqaruvidagi davlat korxonasi bo‘lgan — Xitoy milliy mashinasozlik korporatsiyasi (SINOMACH) tarkibiga kiradi.