TOShKENT, 16 sen - Sputnik. Hozirgina Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlar Davlat rahbarlarining Sammitida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.
Samarqand deklaratsiyasi mazkur sammitning asosiy hujjati hisoblanadi. Unda tashkilotni yanada rivojlantirish masalalari hamda global va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha barcha mamlakatlarning birlashgan pozitsiyalari aks ettirilgan.
Deklaratsiya, xususan, ShHT mintaqasida tinchlik, barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohasidagi hamkorlik, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi masalalari, logistika hamda iqlim o‘zgarishiga doir masalalarni o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz bugun Samarqandda ShHT davlat rahbarlari sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Unda 13ta davlat rahbarlari va 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlar yetakichlari ishtirok etmoqda.
Aytish joizki Samarqand sammiti pandemiyadan so‘ng oflayn formatda o‘tkazilayotgan birinchi uchrashuvdir. Aksariyat davlat rahbarlari 3-yil va undan ortiq yil davomida ilk bor yuzma-yuz uchrashishmoqda.