TOShKENT, 16 sen — Sputnik. Samarqanddagi Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammiti yakuniga yetdi. ShHTning navbatdagi sammitiga ilk marotaba Hindiston raislik qiladi.
Shavkat Mirziyoyev ShHT Davlat rahbarlari kengashi majlisini yopiq deb e’lon qildi va Hindiston tomoniga tashkilotdagi raislikni muvaffaqiyatli o‘tkazishni tiladi.
ShHT sammiti ishtirokchilari yakuniy hujjatlarni imzolashdi. Sammitda Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 2021-2022 yillarda O‘zbekiston ShHTga raislik qildi. Bu davrda 80 dan ortiq yirik tadbir o‘tkazildi. Panedmiyaning murakkab oqibatlari va yangi xavf-xatarlarga qaramay, O‘zbekistonning ShHTga raisligi rejasi to‘liq bajarildi.
Samarqand sammitida imzolash uchun salmoqli hujjatlar to‘plami – 40 dan ziyod bitim va qarorlar taqdim etildi. Ularda ShHT davlatlarining o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasi, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, savdo kabi eng muhim va istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga doir umumiy yondashuvlari aks etgan.