TOShKENT, 16 sen — Sputnik. Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida o‘z tarkibida siyosatchilar, jamoat arboblari, olimlar va ekspert-ekologlar, biznes vakillarini birlashtira oladigan ShHT Iqlim kengashini tuzish taklif qilindi.
Qayd etilishicha, kun tartibidagi ekologik muammolar alohida dolzarblik kasb etmoqda.
“Barchamiz uchun hayotiy o‘ta muhim bo‘lgan ushbu sohada amaliy hamkorlikning yangi mexanizmlari va shakllari zarurdir”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xavfsizlik sohasidagi samarali hamkorlik ShHT rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi.
ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi samaradorligini oshirish, jumladan, xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlardan ogohlantirish va ularga tezkorlikda munosabat bildirishga oidshartnomalar asosida ushbu tuzilmaning faoliyatini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Mamlakatlardagi vaziyatni baholash va bugungi voqelikni hisobga olgan holda majmuaviy qarorlar qabul qilish uchun Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi kengashining yillik sayyor yig‘ilishlari amaliyotini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish uchun qo‘shma platformani yaratish vazifasi tobora dolzarb bo‘lib borayotgani qayd etildi.