ShHT-2022: Samarqand sammiti

ShHT va YuNESKO o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Memorandum ShHT va YuNESKO o‘rtasida ta’lim, fan, madaniyat, sport, aloqa va axborotlashtirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan.
Sputnik
TOShKENT, 15 sen — Sputnik. ShHT Bosh kotibi Chjan Min va YuNESKOning O‘zbekistondagi vakili Sara Noshadi ShHT Kotibiyati va YuNESKO Kotibiyati o‘rtasida 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda Shanxay hamkorlik tashkiloti matbuot xizmati xabar berdi.
“Ushbu tadbir BMT ixtisoslashgan idoralari va mintaqaviy tashkilotlarining ShHT faoliyatiga e’tibori kuchayib borayotganining yorqin namunasidir”, deyiladi axborot xizmati xabarida.
Ta’kidlanishicha, memorandum ShHT va YuNESKO o‘rtasida ta’lim, fan, madaniyat, sport, aloqa va axborotlashtirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan.
ShHT sammiti

Eslatib o‘tamiz, bugun Samarqandda ShHT davlat rahbarlari sammiti boshlandi. Unda 15 ga yaqin davlat rahbari va 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlar yetakchilari ishtirok etishi kutilmoqda.

Ushbu sammit O‘zbekistonning ShHTga raislik davrining yakuni bo‘ladi. O‘tgan yil mobaynida ShHT doirasida O‘zbekiston tomonidan 80 tadan ortiq tadbirlar tashkil qilindi, ularning mantiqiy natijasi sifatida Samarqand sammitida 30 taga yaqin davlatlararo hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Ushbu hujjatlar ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash va uni yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan.

Ular orasida mintaqaviy savdo, sanoat kooperatsiyasi va transport aloqalarini rag‘batlantirish konsepsiyasi va dasturlari bor. Shuningdek, yashil iqtisodiyot, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, logistika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va boshqa yo‘nalishlarda ham qo‘shma loyiha va tadbirlar ishlab chiqilmoqda.