TOShKENT, 14 sen — Sputnik. Toshkentda “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
Marosim avvalida kinofestival mehmonlari Takeshi Kitano, Armand Assante, Burak O‘zchivit, Sergey Bezrukov, Nurgul Yashilchay, Timur Bekmambetov, Tavakkel Musilim, Umesh Mexra kabi ko‘plab taniqli kino yulduzlar maxsus "qizil yo‘lak"dan o‘tishdi.
Shuningdek, o‘zbek yulduzlari Yoqub Ahmedov, Shohida Ismoilova, Naimaxon Po‘latova, Mehri Bekjonova, Ulug‘bek Qodirov, Dilnoza Kubayeva, Rasulxon Qodirxonov, Umid Iskandarov va boshqalar ham qizil yo‘lakdan o‘tishdi.
Tadbirda 500 ga yaqin kinoijodkorlar, aktor va aktrisalar, rejissor va kinooperatorlar, produser va kinotanqidchilar, kinoshunos olimlar ishtirok etdi.
Ochilish marosimida taniqli estrada yulduzlari ishtirokida shou-konsert va teatrlashtirilgan chiqishlar taqdim etildi. Tadbirni yoritish uchun dunyoning 40 davlatidan ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyurdi.
Tadbirda taniqli amerikalik kinoaktor nufuzli “Emmi” mukofoti sovrindori Armand Assante boshlovchilik qildi.
Atoqli hind kinorejissori Umesh Mehraga Toshkent xalqaro kinofestivali statuetkasi tantanali ravishda topshirildi.
Xalqaro tadbir doirasida jahonga mashhur kino ishlab chiqaruvchilarning 150 ta badiiy, hujjatli va qisqa metrajli filmlari namoyish etiladi. Bundan tashqari, kinofestival kunlarida kino ishlab chiqarish, ta’lim, filmlar namoyishi, film yaratish jarayoni bilan bog‘liq 20 dan ortiq keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkaziladi.
Kinofestival tashkilotchilari O‘zbekistonda yaratilgan shart-sharoitlar jahonga mashhur kinoijodkorlar bilan hamkorlikda muhim xalqaro loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishiga umid bildirishmoqda.