ShHT-2022: Samarqand sammiti

ShHTning Samarqand sammitiga bag‘ishlangan pochta markasi muomalaga kiritildi

Pochta markasi 5 ming nusxada ishlab chiqarildi - tafsilotlar.
Sputnik
TOShKENT, 14 sen — Sputnik. O‘zbekistonda ShHTning Samarqand sammitiga bag‘ishlangan pochta markasi muomalaga kiritildi. Bu haqida "O‘zbekiston pochtasi" xabar berdi.
Maxsus pochta markasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashabbusi bilan tayyorlangan.
Pochta markasida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lgan Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston davlatlarining bayroqlari, ShHTning Samarqanddagi sammitiga bag‘ishlangan logotipi hamda Samarqand shahrining gerbi tasvirlangan.
Pochta markasining orqa fonida esa, Samarqandning rasmiy markazi hisoblanmish “Registon” maydoni joylashgan.
“Pochta markasi bir necha rangda ishlangan bo‘lib, pochta blokining o‘lchami 100x94mm. Pochta markasining o‘lchami 52x37mm va u 5 ming nusxada ishlab chiqarildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Samarqand sammiti logotipi aks ettirilgan maxsus xotira shtempeli ham tayyorlandi. Maxsus xotira shtempelining atrofida *O‘ZBEKISTON, SAMARQAND ShAHRI, 14.09.2022* tabdir o‘tkaziladigan sana va joyi ko‘rsatilgan.