TOShKENT, 14 sen — Sputnik. Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida ikki davlat chegarachilari o‘rtasida otishma yuz berdi. Bu haqda bugun RIA Novosti Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati matbuot markaziga tayanib, xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea Botken viloyatining Botken tumani Buloqboshi chegara postida sodir bo‘lgan. Voqeaga tojik chegarachilari chegaraning aniqlanmagan hududida jangovar pozitsiyani egallab olgani sabab bo‘lgan.
“Tojik chegarachilari qirg‘iz tomonining hududni tark etish haqidagi qonuniy talablariga e’tibor bermay, o‘t ochishdi. Bunga javoban Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati chegarachilari ham qurol ishlatdi. O‘rtadagi otishma shundan boshlangan. Tojik tomoni minomotlardan ham foydalangan”, - deyiladi qirg‘iz tomoni bergan xabarda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston tomonida qurbonlar va yaradorlar yo‘q. Botken chegara otradi boshlig‘i voqea joyiga jo‘nab ketgan. Chegara xizmatining Botken viloyati boshqarmasi boshlig‘i Tojikiston chegara xizmatining So‘g‘d viloyati boshqarmasi boshlig‘i bilan telefon orqali suhbatlashgan.
“Tomonlar uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati vaziyatni barqarorlashtirish uchun barcha choralarni ko‘rapti”, - deya qo‘shimcha qilingan. Ayni vaqtda Botken viloyati hukumatiga ko‘ra, otishma to‘xtagan.
Tojikiston tomoni hali rasman izoh bergani yo‘q. Isfara viloyati hokimligidagi manbaning “Sputnik Tojikiston”ga xabar berishicha, otishma Vorux hududida, mahalliy vaqt bilan taxminan 7:15 da boshlangan. Bir qancha askar jarohatlangan. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, otishmani qirg‘iz tomoni boshlagan, bunga javoban Tojikiston chegara xizmati xam o‘t ochgan.
Ma’lumot o‘rnida, Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasi vaqti-vaqti bilan mahalliy aholi va ikki davlat chegarachilari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar hududiga aylanib bormoqda. Bunga sabab delimitatsiya qilinmagan yerlar bo‘lib, u yerlarda davlatlar o‘rtasidagi chegara qayerdan o‘tishini aniqlab bo‘lmaydi.