TOShKENT, 14 sen — Sputnik. O‘zbekistonda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Innovatsion vaksinalar markazi" tashkil qilinadi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, 13-sentabr kuni Shanhay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlat rahbarlari sammiti doirasida innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Xitoyning “Luye Invetment Group Co Ltd” kompaniyasi rahbari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Unda Innovatsion rivojlanish vazirligi kompaniya bilan hamkorlikda 2023-2028 yillarda umumiy qiymati 100 mln dollarga teng bo‘lgan “Innovatsion vaksinalar markazi”ni tashkil etishi bo‘yicha memorandum imzolangan.
“Innovatsion vaksinalar markazi” – Markaziy Osiyoda yagona to‘liq siklli biotexnologik ishlab chiqish korxonasi bo‘lib, mahalliy va MDH mamlakatlari bozorini yuqori texnologik mahsulotlar bilan ta’minlash imkonini beradi.
Loyiha doirasida gepatit A, gepatit B, papilloma, qizamiq, qoqshol va boshqa kasalliklar viruslarini davolashda ishlatiladigan umumiy hajmi 2 mlrd. dollarga teng bo‘lgan 10 xil vaksinani yiliga 200 million dozada ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Ushbu to‘liq siklli biotexnologik ishlab chiqarish korxonasining ilmiy hajmdorligi va kelgusida yuqori malakali ilmiy mutaxassislar jalb qilinishini inobatga olib, “Innovatsion vaksinalar markazi"ni Toshkent viloyatida tashkil qilish taklif etilmoqda.
Shuningdek, uchrashuvda Xitoy kompaniyasi rasmiy vakili Lyu Danbo O‘zbekistonda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan koronavirusga qarshi vaksina yaratish va ishlab chiqarish bo‘yicha olib borayotgan ishlarga yuqori baho bergani qayd etilgan. deyiladi xabarda.