TOShKENT, 14 sen — Sputnik. “Ipak yo‘li durdonasi” XIVToshkent xalqaro kinofestivali boshlanishi arafasida Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK) rektori Vladimir Malishev nutq so‘zladi. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar berdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Butunrossiya davlat kinematografiya instituti rektori O‘zbekistondagi filial faoliyati muhimligini ta’kidladi va kelajakda o‘zbek kinosini katta shon-shuhrat va e’tirof kutayotganini qayd etdi.
Undan tashqari Malishev Toshkent filialida uchta yangi yo‘nalish ochilganini e’lon qildi va yaqin kelajakda ushbu filial talabalari albatta o‘zlarini yuqori nuqtada ko‘rsatishlariga umid bildirdi.
O‘z navbatida, XIV Toshkent xalqaro kinofestivali bosh direktori, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov aynan O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan Toshkent shahrida Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali ochilgani va bu universitetning chet eldagi yagona filiali ekanligini ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yili Toshkentda Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali ochildi. OTMda ta’lim faoliyati 2021−2022 o‘quv yilidan boshlandi.