TOShKENT, 14 sen — Sputnik. “FlyDubai” aviakompaniyasi 20-sentabrdan boshlab haftasiga ikki marta Birlashgan Arab Amirliklaridan Samarqandga parvozlarni amalga oshiradi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Samarqandga parvozlar seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi. Dubay aeroportida unga 3-terminal xizmat ko‘rsatadi.
Parvoz jadvali (mahalliy vaqt):
Dubaydan jo‘nab ketish — 22:40, Samarqandga kelish — 2:50;
Samarqanddan uchish — 4:05, Dubayga yetib kelish — 6:30.
Chipta narxlari ekonom klass tariflari uchun 1800 BAA dirhami – 486 dollar yoki O‘zbekiston Markaziy banki kursi bo‘yicha 5,32 million so‘mdan sotiladi.
Bundan tashqari, “FlyDubai” aviakompaniyasi 24-sentabrdan boshlab haftasiga ikki marta Namanganga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshirishni boshlaydi.
Namangan xalqaro aeroportiga parvozlar chorshanba va shanba kunlari Dubay xalqaro aeroporti 2-terminalidan amalga oshiriladi.
Parvoz jadvali (mahalliy vaqt):
Dubaydan jo‘nab ketish — 22:50, Namanganga kelish — 03:30;
Namangandan uchish — 04:30, Dubayga yetib kelish — 07:25.
Namanganga reyslarning qo‘shilishi uni O‘zbekistonda Samarqand va Toshkentdan keyin uchinchi yo‘nalishga, Markaziy Osiyodagi yettinchi manzilga aylantiradi. Bu esa o‘z navbatida BAA va Fors ko‘rfazi yo‘lovchilariga ko‘proq hududlarni kezish imkonini beradi.
Aviakompaniya Markaziy Osiyoning yetti yo‘nalishi bo‘yicha, jumladan, Qozog‘istonning Olmaota va Nur-Sulton, Qirg‘izistonning Bishkek, Tojikistonning Dushanbe, O‘zbekistonning Namangan, Samarqand va Toshkent shaharlariga parvozlarni amalga oshiradi.