Farg‘onada bayram tadbirlarida fonogrammada qo‘shiq aytish taqiqlandi

San’at ahli viloyat hokimining Farg‘onada viloyat bayram tadbirlarida fonogrammada qo‘shiq aytishni taqiqlash taklifini ma’qulladi.
Sputnik
TOShKENT, 14 sen — Sputnik. Farg‘onada viloyat bayram tadbirlarida fonogrammada qo‘shiq aytish taqiqlandi, endi ijrochilar sahnada cholg‘uchilar bilan birga jonli ijroda kuylaydi. Bu haqda viloyat hokimligi ma’lum qildi.
Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov madaniyat va san’at mas’ullari, teatrlar rahbarlari, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, san’atkorlar, so‘z ustalari, yosh ijodkorlar bilan uchrashgan.
Tadbirda Bozorov aholi kayfiyatini ko‘taruvchi bayram tadbirlarini, turli madaniy-ma’rifiy kechalarni ko‘paytirish lozimligini ta’kidladi. Viloyat madaniyat va san’at sohasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qator tashabbus va vazifalar e’lon qilindi.
Xususan, viloyat hokimining o‘rinbosari Fayzullo Qosimov rahbarligidagi ishchi guruh a’zolari har bir viloyat bayram tadbiri uchun yangi g‘oyalar, dasturlar, takliflarni o‘rtaga tashlab, biri boshqasini takrorlamaydigan ssenariylar ishlab chiqish uchun mas’ul bo‘ladi. Bundan buyon Farg‘ona viloyatida o‘tkaziladigan barcha tadbirlarda sahnaga chiqadigan qo‘shiqchilar va qo‘shiqlar ochiq tanlov asosida tanlab olinadi.
Viloyat rahbarining Farg‘onada viloyat bayram tadbirlarida fonogrammada qo‘shiq aytish taqiqlanishi, ijrochilar sahnada cholg‘uchilar bilan birga jonli ijroda kuylashi borasidagi ko‘rsatmasi san’at ahli tomonidan ma’qullandi.
Kelgusi yildan boshlab Farg‘onada va Qo‘qonda respublika teatrlari festivali, shuningdek, respublikadagi va qo‘shni davlatlardagi rus teatrlari festivali o‘tkazilishi belgilab berildi.
Shuningdek, viloyatda yashab o‘tgan buyuk san’atkorlar xotirasiga bag‘ishlangan San’at haftaliklari, oyliklari tashkil etiladigan bo‘ldi. Viloyat bo‘ylab milliy festivallar, sayllar, xalq o‘yinlari, so‘z san’ati tadbirlari o‘tkazilishi belgilandi.