YeI havo sovishi bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqishi mumkin – Vengriya TIV

Menser: Sovuq kelib, bir vaqtning o‘zida iqtisodiyotni boshqarish zarur bo‘lganda, haqiqat har bir Yevropa davlatining eshigini taqillatadi.
Sputnik
TOShKENT, 14 sen — Sputnik. Vengriya tashqi ishlar vazirligi vakili Tamash Menser Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalarni kuzda qayta ko‘rib chiqish imkoniyatini istisno etmadi. Bu haqda u Vengriyaning M1 telekanali efirida ma’lum qildi.

“Sanksiyalar energiya tanqisligi va [Yevropada] narxlarning sezilarli darajada ko‘tarilishini keltirib chiqardi. Men bu masalada optimist emasman, lekin sanksiyalarni kuzda qayta ko‘rib chiqishni kutish mumkin. Borgan sari ko‘proq odamlar vaziyatning haqiqiy holatini ko‘rmoqda. Sovuq kelib, bir vaqtning o‘zida iqtisodiyotni boshqarish zarur bo‘lganda, haqiqat har bir Yevropa davlatining eshigini taqillatadi”, - dedi Menser.

Joriy yilning 24-fevralkuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbass respublikalari rahbarlarining yordam so‘rashi munosabati bilan Ukrainada maxsus harbiy operatsiya o‘tkazilishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Moskvaning rejalarida Ukraina hududlarini bosib olish yo‘q, maqsadlar esa mamlakatni demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilishdir. G‘arb Rossiyaning qaroriga javoban unga qarshi ko‘plab va keng ko‘lamli sanksiyalarni bosqichma-bosqich joriy qila boshladi. G‘arb davlatlari Kiyevga o‘n milliardlab dollar miqdorida qurol va harbiy texnika yetkazib berishni boshladi.
Ayrim G‘arb siyosatchilari bu, aslida, Rossiyaga qarshi iqtisodiy urush ekanini tan oldi. Putin 16-mart kuni ta’kidlaganidek, G‘arbning Moskvaga qarshi sanksiyalar siyosatida barcha tajovuzkorlik belgilari mavjud.