TOShKENT, 13 sen — Sputnik. Toshkent xalqaro aeroportida rasmiy taksi xizmati ishga tushdi. Bu haqida Uzbekistan Airports xabar berdi.
Aytilishicha, 12-sentabr kuni Toshkent aeroporti hududida autsion orqali g‘olib deb topilgan taksi xizmati ish boshladi.
Avtomobillarga “Taxi Airport Tashkent” stikerlari tushirilgan hamda katta va keng yukxonaga ega. Ular yo‘lovchilarni uchib kelish zali chiqishida kutib turadi.
Taxi Airport Tashkent
© Uzbekistan Airports
“Yo‘lovchilar uchib kelish zalida o‘rnatilgan peshtaxta oldiga kelib, manzilini aytadi. Menejer tarif bo‘yicha kilometrni hisoblab chiqadi va to‘lash uchun summani aytadi. Agar narx yo‘lovchiga to‘g‘ri kelsa, u to‘lovni (naqd yoki bank kartasi orqali) amalga oshiradi”, deyiladi xabarda.
Menejer yo‘lovchiga manzili va to‘langan summasi ko‘rsatilgan kvitansiyani taqdim etadi. Shuningdek, yo‘lovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri peshtaxtani chetlab o‘tgan holda birinchi turgan mashinaga o‘tirib, taksi xizmatlaridan foydalanishi ham mumkin.
Endilikda terminal oldiga kirish faqat "Taxi Airport Tashkent" xizmati uchun mumkin bo‘ladi. Boshqa barcha taksilar, shu jumladan agregatorlar (Yandex, MyTaxi va boshqalar) orqali ishlaydigan taksilar avtoturargohlar oldidan yo‘lovchilarni olib ketishlari ham mumkin.
Yo‘lovchi o‘z haydovchisini tezda topishi uchun uzoqdan ko‘rinadigan katta belgi o‘rnatiladi, bu taksi va yo‘lovchining uchrashadigan joyi ekanligini ko‘rsatadi.
Aeroportda xizmat korsatish uchun kompaniya “Komfort”, “Biznes”, “Lyuks” va “Premium” tariflarini joriy qildi.
Mijozlarni birinchi qatorda “Komfort” tarifidagi avtomobillar kutadi. Boshqa tariflardagi avtomobillar ikkinchi qatorda turadi yoki yo‘lovchining iltimosiga binoan xizmat ko‘rsatiladi.