TOShKENT, 13 sen - Sputnik. ShHT mamlakatlari kinochilari O‘zbekiston bilan hamkorlikda filmlar suratga olishmoqda. Bu haqida bugun “O‘zbekfilm” kinostudiyasining kichik pavilonida, XIV Toshkent xalqaro kinofestivalida “ShHT mamlakatlari kino kunlari”ga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda aytib o‘tildi.
Anjumanda ShHT davlatlaridan kelgan kinostudiyalar rahbarlari va mutaxassislar xalqaro kinofilmlar loyihalari haqida so‘zlashdi.
“Rossiya va O‘zbekiston hamkorlikda ko‘plab loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Kinofestivalda ham ko-produksiya filmlari premyera qilinadi. O‘zbek va rus millatlari o‘rtasidagi aloqalar, do‘stlik munosabatlari va milliy urf-odatlari haqida ko‘plab loyihalar suratga olamiz”, dedi “Roskino” kompaniyasi bosh direktori Inna Shalito.
Qirg‘iziston vakillari ham O‘zbekiston bilan hamkorlikda kelajakda filmlar suratga olishni rejalashtirayotganini ma’lum qilishdi.
“Yaqinda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi hamda Qirg‘iziston bilan hamkorlikda yangi filmlarni suratga olish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Shuningdek, kinofestival doirasida “Qirg‘iz kino kunlari” ham o‘tkaziladi. O‘ylaymanki, hamkorligimiz uzoq davom etadi”, dedi “Yoshlar siyosati, turizm, sport va madaniyat vazirligi” qoshidagi kinematografiya departamenti direktori Muktali Bektenaliyev.
Qozig‘istonlik produser O‘zbekiston bilan hamkorlikda suratga olinayotgan filmlar haqida hikoya qilib berdi.
“O‘zbeklar azaldan qo‘shnilarimiz, kino san’atida mana shu munosabatlarni yanada mustahkamlaymiz. “Eshelonlar Sharqqa ketadi” (“Eshelon idet na Vostok”) va “Korkit Ata” kabi loyihalar suratga olinmoqda. Bugungi kinofestivalda yangi loyihalarni taqdimotlari ham bo‘lib o‘tadi. Toshkentda boshlangan kinofestival turli xalqlarni birlashtiradi”, - dedi qozog‘istonlik kinoproduser Aday Abeldinov.
Eslatib o‘tamiz, bugun Toshkentda "ShHT mamlakatlari kino kunlari va ShHT mamlakatlari kinoforumi"ning tantanali ochilishi bo‘lib o‘tadi. Unda Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Hindiston, Eron, Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy va Pokaistondan kelgan kino ijodkorlar ishtirok etishadi. Festival doirasida ushbu mamlakatlar o‘zlarining eng yaxshi filmlaridan namunalar taqdim etadi.
Undan tashqari festival doirasida ShHT kino ijodkorlari ishtirokida mahorat darslari, seminarlar, premyeralar, matbuot anjumanlari va ijodiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.