Senat “Tashqi mehnat migratsiyasi” to‘g‘risidagi qonunni rad etdi

Senatorlar “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni uning ayrim moddalari normalarida noaniqliklar sabab rad etishdi.
Sputnik
TOShKENT, 13 sen — Sputnik. Oliy Majlis Senatining o‘ttiz ikkinchi yalpi majlisida senatorlar “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qilishdi. Bu haqda parlamentning yuqori palatasi xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni ko‘zda tutadigan mazkur qonunni senatorlar soha ekspertlari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida tahlil qilishgan va uning ayrim moddalarining normalarida noaniqliklar aniqlangan.
Xususan, qonunning 26-moddasi ikkinchi qismida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun uyushgan holda O‘zbekistondan chiqib ketayotgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomini olgan shaxslarga tenglashtirilishi va ularga nisbatan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan soliq solish va pensiya miqdorini hisoblab chiqarish tartibi qo‘llanilishi qayd etilgan.
Bu moddaning to‘rtinchi qismida esa, uyushgan holda ishga joylashtirish doirasida chiqib ketayotgan fuqarolarga ushbu moddada nazarda tutilgan ijtimoiy kafolatlar, basharti ular “Labor-migration” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, berilishi sharti belgilanmoqda.
Vaholanki, Soliq kodeksining 408-moddasiga muvofiq mehnat staji hisoblanishi uchun o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolarining yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida ixtiyoriy tartibda soliq to‘lashi qayd etilgan.
Normativ-huquqiy hujjatlarda ham soliqlarni to‘lash, pensiya miqdorini hamda mehnat staji hisoblashda qo‘shimcha shartlar sifatida vazirlik va idoralarning axborot tizimlarida ro‘yxatdan o‘tish nazarda tutilmagan. Bu mehnat migratsiyasi yo‘li bilan O‘zbekistondan chiqib ketayotgan fuqarolar uchun nazarda tutilgan ijtimoiy kafolatlarni axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng berish sharti Soliq kodeksining 408-moddasiga va prezidentning 2020-yil 15-sentabrdagi qarorining 12-bandiga zid ekanini anglatadi.
Bundan tashqari, qonunning 5-moddasida majburiy mehnatning belgilari va ko‘rinishlari to‘liq ochib berilmagan. Xususan, ish bajarishga majburlash deganda biron-bir jazo qo‘llash tahdidi bilangina cheklanib qolishi, zo‘ravonlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanish holatlari mavhumligicha qolgan.
Muhokama jarayonida senatorlar qonunning boshqa birorta moddasida fuqarolarni kasbga va chet tillariga o‘qitish hamda ularga xalqaro miqyosda tan olinadigan sertifikatlar berish tartibi to‘g‘risida normalar aks ettirilmagani qayd etishdi.
Qonunda 30 ga yaqin havola qiluvchi normalar mavjudligi, uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, muayan organlarning o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishiga zamin yaratishi ta’kidlandi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni rad qilish to‘g‘risidagi Senat qarori qabul qilindi.