TOShKENT, 12 sen — Sputnik. Toshkentda 13-18 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivalida Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasida 4 ta memorandum imzolanadi. Bu haqda kinofestival bosh direktori, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov ma’lum qildi.
“Yangi O‘zbekiston ochiqlik, yaqin hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik siyosatini amalga oshirmoqda. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasida va u kinematografiya sohasini qamrab olgan. Ushbu hamkorlik samarasi natijasida 15 dan ortiq qo‘shma hujjatli va 3 ta badiiy film yaratildi. Bo‘lajak kinofestivalda 4 ta yirik hamkorlik memorandumi va 10 ta kinoloyiha bo‘yicha kelishuvlar imzolanadi”, dedi Firdavs Abduxoliqov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kinofestival doirasida 4 ta memorandum imzolanishi rejalashtirilgan. Birinchisi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi va “Roskino” o‘rtasida imzolanadi. “Roskino” rahbari Inna Shalito hujjatni imzolash uchun kinofestivalga keladi.
“Biz tashkilot bilan o‘tgan yildan beri hamkorlik qilib kelmoqdamiz, “Roskino” XIII kinofestivalda hamkorimiz bo‘lgan”, deydi Firdavs Abduxoliqov.
Ikkinchi memorandum O‘zbekiston Kinematografiya agentligi va “Mars Media” studiyasi o‘rtasida imzolanadi. Kelgusida kinostudiya bilan hamkorlikda filmlar suratga olish rejalashtirilgan.
Keyingi hujjat Kinematografiya agentligi va Rossiyadagi eng yirik hujjatli filmlar studiyalaridan biri – Sankt-Peterburgdagi “Lendok” o‘rtasidagi memorandum bo‘ladi. Bu aniq loyihani - Sankt-Peterburgda joylashgan Rossiyadagi eng katta masjid haqida hikoya qiluvchi “Masjid” filmini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, XIV Toshkent kinofestivalida ushbu loyiha taqdimoti bo‘lib o‘tadi, uni “Lendok” direktori Aleksey Telnov o‘tkazadi.
“Umuman olganda, hujjatli filmlar haqida gapiradigan bo‘lsak, Kinematografiya agentligi “Rossiya – Kultura” telekanali bilan uzoq va samarali hamkorlik qilib keladi. 2017-yildan beri oltita hujjatli film namoyish etildi, yaqin orada yana beshta film namoyish etilishi rejalashtirilgan”, deya qo‘shimcha qildi “Rossiya-Kultura” telekanalining tijorat direktori Viktoriya Kriviskaya.
To‘rtinchi hujjat Kinematografiya agentligi, “Lenfilm” kinostudiyasi va “Inferno” studiyasi o‘rtasida hamkorlik qilish va “Orzular zinalari” qo‘shma badiiy filmini yaratish bo‘yicha memorandum bo‘ladi.
Bundan tashqari, XIV Toshkent xalqaro kinofestivalida 2022-yilda nihoyasiga yetgan O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma filmlari namoyishi bo‘lib o‘tadi.