TOShKENT, 12 sen — Sputnik. Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotining sammitida imzolash uchun 30 dan ortiq hujjat taqdim etilishi rejalashtirilgan. Bu haqida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, nafaqat haftaning, balki butun yilning eng muhim siyosiy ahamiyatga ega tadbiri 15-16 sentabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining 22-majlisidir.
Tadbirda 8 ta a’zo mamlakat - O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, 3 ta kuzatuvchi maqomidagi mamlakat - Belarus, Eron, Mo‘g‘iliston va 4 ta mehmon sifatida taklif etilgan mamlakat - Turkiya, Ozarbayjon, Turmaniston, Armaniston davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etadi.
Shuningdek, sammitda qatnashish uchun BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO), YuNESKO, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning rahbarlari taklif etilgan.
Avval tashkilotga a’zo davlatlar yetakchilarining tor doirada majlisi, so‘ng barcha delegatsiyalar ishtirokidagi kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Shu bilan birga, Sammit doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham ko‘zda tutilgan.
Sherzod Asadov so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 5-yil davomida O‘zbekiston prezidenti tomonidan ShHT sammitlarida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, innovatsiya va boshqa sohalar bo‘yicha hamkorlik samaradorligini oshirishga doir 54 ta tashabbus ilgari surildi.
"Shulardan 33 tasi hayotga tatbiq etilgan bo‘lsa, 17 tasi Samarqand sammiti davomida amalga oshirilishi kutilmoqda. Qolgan 4 tasi esa hozirgi vaqtda tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda", deydi Sherzod Asadov.
Samarqand sammitining asosiy maqsadlaridan biri ShHT oilasini yanada kengaytirish masalasidir. Davlat rahbarlari kengashi doirasida ShHTga a’zolik maqomini olish uchun Eronning majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi kutilmoqda.
Tadbirda qabul qilinadigan muhim hujjatlardan biri bu – Shanxay hamkorlik tashkiloti a’zo davlatlari o‘rtasida uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnomani 2023-2027 yillarda amalga oshirish bo‘yicha keng qamrovli rejadir.
Matbuot kotibi ushbu strategik ahamiyatga ega hujjat O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgani va ShHTga a’zo barcha davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini qayd etib o‘tdi.
Reja loyihasi tashkilot doirasida barcha sohalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan hamkorlik yo‘nalishlarini qamrab olgan va hozirgi kunda 120 ga yaqin tadbirlarni o‘z ichiga olgan.
Ayniqsa, asosiy urg‘u savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga karatilgan. Masalan, investitsiyalar, energetika, transport, logistika, sanoat kooperatsiyasi, axborot va telekommunikatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, bojxona va boshqa sohalardagi sheriklikni yanada mustahkamlash bo‘yicha aniq tadbirlar va ularning bajarilishiga mas’ul idoralar belgilangan.
Bundan tashqari, ShHTning kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha hamkorlar a’zoligini kengaytirish to‘g‘risidagi qarori qabul qilinadi.
"Sammitning asosiy hujjati bu — a’zo mamlakatlarning eng muhim mintaqaviy va global muammolar bo‘yicha mujassamlashgan pozitsiyalari o‘z ifodasini topgan Samarqand deklaratsiyasi. Unda mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlar belgilab berilgan", deydi u.
Shuningdek, Samarqanddagi sammit doirasida ShHT bilan Arab davlatlari ligasi, BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari — ESKATO va YuNESKO o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzolash rejalashtirilgan.
Sammit doirasida davlat rahbari bir qator delegatsiyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi, ular bilan hamkorlik holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashadi.
Shuningdek, Xitoy raisi Si Szinpin 14-16 sentabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatda bo‘ladi. O‘zbekiston va Xitoy yetakchilari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar. Uchrashuv yakunida Qo‘shma bayonot va salmoqli kelishuvlar to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15-16 sentabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand shahridagi sammiti doirasida tashrif bilan mamlakatda bo‘ladi.
O‘zbekiston va Rossiya yetakchilarining muzokaralari kun tartibidan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Bundan tashqari, Eron prezidenti Ibrohim Raisiy 14-16 sentabr kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatga tashrif buyuradi.
Ikki mamlakat yetakchilari muzokara o‘tkazib, ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalarini ko‘rib chiqadilar, savdo, kooperatsiya, innovatsiyalar, transport, energetika, turizm va boshqa yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratadilar.