TOShKENT, 12 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Qiroli Charlz III ga uning taxtga o‘tirishi munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda uning matbuot kotibi ma’lum qildi.
Maktubda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va yuksak hurmat ruhidagi keng qamrovli sheriklik kelgusida ham izchil rivojlanishiga ishonch bildirilgan.
“Davlatimiz rahbari qirolga mustahkam sihat-salomatlik, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat hamda g‘oyatda sharafli faoliyatida ulkan yutuqlar, do‘st Birlashgan Qirollik xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, davomiy ravnaq tilagan”, - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 8-sentabr kuni Bukingem saroyi mamlakatni 70-yildan ortiq boshqargan Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II Shotlandiyada 96 yoshida vafot etganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng uning o‘g‘li Vorislik kengashida rasman Buyuk Britaniya qiroli Charlz III deb e’lon qilindi.