TOShKENT, 12 sen — Sputnik. Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Rossiya bilan muloqot qilishni istamaslik haqidagi so‘zlarga izoh berib, hozirgi ultimatumlar kelajakdagi talablar oldidan xamir uchidan patir ekanini aytdi.
“Allaqanday bir Zelenskiy ultimatum qo‘yganlar bilan muloqotga kirishmasligini aytibdi. Hozirgi “ultimatumlar” kelajakdagi talablar oldidan xamir uchidan patir. Va u buni biladi: Rossiya shartlariga ko‘ra Kiyev rejimining to‘liq taslim bo‘lishi”, - deb yozgan Medvedev Telegram-kanalida.
Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy CNN telekanaliga bergan intervyusida hozir Moskva bilan muzokaraga tayyor emasligini aytgandi.
Rossiya-Ukraina muzokaralari fevral oyi oxirida boshlandi: Belarusda ikkita yuzma-yuz uchrashuv bo‘lib o‘tdi, keyin muzokaralar videoaloqa orqali davom etdi. Mart oyi oxirida Istanbulda ikki davlat vakillari uchrashdi. Keyinroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina takliflarini rad etib, muzokaralar jarayoniga to‘sqinlik qilayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Moskva aloqalarni rad etmaydi, biroq Kiyev jarayonni qancha kechiktirsa, kelishish shunchalik qiyin bo‘ladi.