Kreml BMT Oliy komissarining Rossiya bo‘yicha bayonotlariga izoh berdi

Peskov: BMT Oliy komissari Rossiyani ayblab, boshqa mamlakatlarda inson huquqlari buzilishini tan olishdan bosh tortmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 12 sen — Sputnik. Moskva Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari o‘rinbosari Nada Al-Nashifning Rossiya go‘yoki Ukrainadagi maxsus operatsiya muxoliflarini qo‘rqitayotgani va fuqarolarning ma’lumot olish huquqlarini buzayotgani haqidagi asossiz bayonotlarini qabul qilishga tayyor emas. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ta’kidladi.
“Biz bunday bayonotni, bunday xulosalarni hisobga olishga tayyor emasmiz. Biz ularni asossiz deb hisoblaymiz – bu birinchisi”, dedi Peskov.
BMT Oliy komissari Rossiyani ayblab, boshqa mamlakatlarda inson huquqlari buzilishini tan olishdan bosh tortmoqda, deya qo‘shimcha qildi prezident matbuot kotibi.
“Va eng muhimi, biz bu dalillarni inobatga olishning iloji yo‘q deb hisoblaymiz, chunki komissar boshqa mamlakatlarda fuqarolarimiz, ommaviy axborot vositalarimiz va boshqalar huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq ko‘plab qonunbuzarliklarni payqashdan bosh tortadi. Bunday bir tomonlama pozitsiyani hisobga olish mumkin emas”, dedi Peskov.
Ma’lumot o‘rnida, ko‘plab G‘arb davlatlari o‘z hududida Rossiya telekanallarini ko‘rsatishni cheklagan yoki taqiqlagan. Rossiya fuqarolari mol-mulki musodara qilinmoqda. G‘arb Rossiya fuqarolarini hibsga olish va hech qanday dalilsiz qamoqqa tashlashni normal holat deb biladi.