TOShKENT, 11 sen — Sputnik. O‘zbekistonda davlat organlari rahbarlariga videoaloqa orqali murojaat qilish mumkin bo‘ladi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi prezidentning “Murojaatlarni ko‘rib chiqish va nazorat qilish jarayonlariga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish to‘g‘risida”gi qarori loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Hujjat bilan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari qabuliga elektron navbatga yozilish, murojaatlarning ko‘rib chiqilishida “raqamli nazorat” joriy qilish va ijro muddatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilganda yuqori turuvchi instansiyani elektron tarzda avtomatik xabardor qilish taklif qilinmoqda.
Qaror loyihasiga ko‘ra,
2023 yil 1-apreldan aholining mahalladan turib davlat organlari rahbarlariga videoaloqa orqali murojaat uchun so‘rov yuborish va Xalq qabulxonalari orqali davlat organlari rahbarlariga videoaloqa orqali murojaat qilish;
2024 yil 1-yanvardan viloyatlar markazlarida joylashgan mahallalardan turib;
2025 yil 1-yanvardan tuman markazlarida joylashgan mahallalardan turib;
2026 yil 1-yanvardan respublikaning barcha hududidagi mahallalardan turib davlat organlari rahbarlariga videoaloqa orqali murojaat yo‘llash amaliyoti joriy qilinadi.
2022 yil 1-oktabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning quyi tashkilotlariga prezidentning Virtual qabulxonasidan tashqari boshqa manbalardan (tashkilotning rasmiy veb-sayti, pochta aloqasi, idoraviy ishonch telefoni, fuqarolarning shaxsan tashrif buyurishi orqali hamda rahbar va mansabdor shaxslarning qabulidan) o‘zlariga bevosita kelib tushgan barcha murojaatlarni Yagona onlayn platformada ro‘yxatga olinadi.
Kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish va natijasini nazorat qilish hamda markazlashgan holda “mahallabay” monitoring va tahlil qilinadi.
Qaror loyihasi 24-sentabrga qadar muhokama qilinadi.