TOShKENT, 10 sen - Sputnik. Qozog‘istonning favqulodda va muxtor elchisi Darxon Satibaldi O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunladi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Darxon Satibaldini qabul qilgan. Uchrashuvda elchining O‘zbekiston – Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi e’tirof etilgan.
Vazir Darxon Satibaldini Turkiston viloyati akim lavozimiga tayinlangani bilan tabriklab, unga kasbiy faoliyatida muvaffaqiyat tilagan.
“Tomonlar turli sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbolini muhokama qildilar. Darxon Satibaldi uch yillik faoliyati davomida mamlakatni tubdan o‘zgartirib, xalq farovonligi yuksalishiga xizmat qilgan jadal o‘zgarishlarga guvoh bo‘lganini ta’kidladi”, - deyiladi xabarda.
Elchi O‘zbekiston tomoniga diplomatik faoliyatini amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlagani va yaratilgan sharoitlar uchun chuqur minnatdorlik bildirgan. U, shuningdek, do‘st bo‘lib qolish barobarida O‘zbekiston-Qozog‘iston aloqasini mustahkamlash uchun barcha sa’y-harakatni amalga oshirishga tayyorligini ta’kidlagan.