TOShKENT, 10 sen - Sputnik. Strategik rivojlanish agentligi negizida prezidenti huzurida Strategik islohotlar agentligi tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzolagan tegishli farmonda keltirilgan.
Agentlikning asosiy vazifalari:
mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda alohida soha va tarmoqlarni isloh qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishini tashkil etish va nazorat qilish;
amalga oshirilayotgan islohotlarni tanqidiy tahlil qilgan holda ularning samaradorligini baholash;
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va davlat dasturlarining ijrosini monitoring qilish, ularning to‘laqonli va sifatli amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
xalqaro moliya institutlari, chet el tashkilotlari va xorijiy mutaxassislarni hamda beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb qilish, ular bo‘yicha axborot va hisobotlarning ma’lumotlar bazasini yaratish;
davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish, ularing hisobotlarini xalqaro standartlar asosida tuzish, boshqaruv organlari tarkibiga mustaqil a’zolarni kiritish va sohaga oid bo‘lmagan aktivlardan samarali foydalanish natijadorligini monitoring qilish.
Agentlik bosh direktori va uning o‘rinbosarlari prezident tomonidan tayinlanadi. Prezident farmoniga ko‘ra, Strategik rivojlanish agentligi direktori etib Shuxrat Vafayev tayinlangan.