“Bunyodkor”ning bosh direktori va bosh murabbiyi ishdan bo‘shatildi

"Bunyodkor" ushbu mavsumda 18 ta o‘yinda 29 ta to‘p o‘tkazib yuborgan va Superligada 5-o‘rindan 9-o‘ringa tushib ketgan.
Sputnik
TOShKENT, 10 sen — Sputnik. Toshkent shahridagi “Bunyodkor” futbol klubi bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev va bosh murabbiyi Viktor Karpenko lavozimidan ozod etildi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Bunyodkor” futbol klubi prezidenti Mehriddin Abdullayev boshchiligida klub rahbariyati, futbolchilar va fan klub a’zolari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda futbol klubiga barcha sharoitlar yaratib berilganiga qaramay kutilgan natijani bermayotgani, bunga so‘nggi vaqtlarda, asosiy jamoaning ko‘rsatayotgan uyinlari va erishgan natijalaridan ham ko‘rish mumkinligi, xususan, Superliga joriy mavsumining 18-turidan so‘ng jamoa 20 ochko jamg‘argan holda 9-o‘rinda borayotgani tanqid ostiga olingan.
“Bunyodkor” futbol klubi bosh direktori va bosh murabbiyi ishdan bo‘shatildi
Ta’kidlanishicha, 18 ta o‘yinda 20 ta gol urilgan bo‘lsa, 29 ta to‘p o‘tkazib yuborilgan. Superliganing 2021-yil mavsumida jamoa 18-turdan so‘ng 29 ochko jamg‘argan holda 5-o‘rinni egallab turgan edi. To‘plar nisbati esa + 12 bo‘lgan.
Mehriddin Abdullayev holat shu tarzda davom etadigan bo‘lsa, “Bunyodkor” o‘zi tarixidagi eng sharmandali holatga tushishi, achinarlisi esa Superligani joriy yil yakuni bilan tark etishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
“Bunyodkor” futbol klubi bosh direktori va bosh murabbiyi ishdan bo‘shatildi
Shundan so‘ng klub direktori Ulug‘bek Mirzayev hamda asosiy jamoa murabbiyi Viktor Karpenkoning o‘z vazifalarini yetarli darajada bajarmayotgani urg‘ulanib, klub direktori Ulug‘bek Mirzayev lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga “Bunyodkor” Akademiyasi direktori Aziz Haydarov tayinlangan.
“Bunyodkor” futbol klubi bosh direktori va bosh murabbiyi ishdan bo‘shatildi
Asosiy jamoa murabbiyi Viktor Karpenko o‘rniga “Bunyodkor” U-21 jamoasi bosh murabbiyi Ivan Boshkovich tayinlanadi.
Akademiya rahbari sifatida shu kunga qadar faoliyat yuritib kelgan Aziz Haydarovning klub bosh direktori bo‘lgani sabab, “Bunyodkor” akademiyasi direktorligiga, Akademiyada faoliyat yuritib kelayotgan Islom Ahmedov tayinlangan.
“Bunyodkor” futbol klubi bosh direktori va bosh murabbiyi ishdan bo‘shatildi
“Barcha tayinlanayotgan mutaxassislar katta tajribaga ega hamda “Bunyodkor” klubida o‘z faoliyatlarini olib bormoqdalar. Ulardan klubning bugungi kundagi holatidan xulosa qilgan holda, qisqa muddatda klub faoliyatini sog‘lomlashtirish, natijalarni yaxshilash, islohotlarni amalga oshirish orqali Osiyo va yurtimiz futbolidagi nufuzini oshirishlari talab etiladi”, - deyiladi xabarda.