Bayden 2001-yilgi teraktdan keyin joriy qilingan favqulodda holatni uzaytirdi

AQShda 11-sentabr teraktlari sabab joriy qilingan favqulodda holat terrorchilik xavfi tufayli uzaytirildi.
Sputnik
TOShKENT, 10 sen - Sputnik. Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Jo Bayden 2001-yil 11-sentabrdagi teraktdan keyin joriy qilingan favqulodda holat rejimini yana bir yilga uzaytirdi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.
“Men Federal reyestrga 2001-yil 11-sentabrdagi terrorchilik hujumlari sabab 7463-sonli deklaratsiyada e’lon qilingan favqulodda holat yana bir yil davom etishi to‘g‘risida bildirishnoma yubordim”, -degan Bayden.
Qo‘shma Shtatalar prezidentiga ko‘ra, 20-yil avval AQShda favqulodda holat e’lon qilinishiga sabab bo‘lgan terrorchilik xavfi hamon yo‘qolmagan.
Favqulodda holat rejimi Nyu-York va Vashingtondagi teraktlardan keyin 2001-yil 14-sentabrda o‘sha vaqtdagi prezident Jorj Bush tomonidan kiritilgan edi. Favqulodda holat rejimi kiritilishi haqidagi hujjatda hukumat ko‘radigan aniq choralar ko‘rsatilmagan, biroq u terrorchilik tahdidi holatida prezidentga qo‘shimcha vakolatlarni beradi.