O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylarini tanishtiruvchi audiogid ishga tushirildi

Audiogidning birinchi bosqichi Samarqandda ShHT sammiti ochilishi arafasida yo‘lga qo‘yildi.
Sputnik
TOShKENT, 9 sen — Sputnik. O‘zbekistonda Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkentdagi diqqatga sazovor joylarning raqamli audio qo‘llanmasi ishga tushiriladi. Bu haqida Turizm va madaniy meros vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mobil audio qo‘llanma ilovasini telefonga yuklab olish natijasida foydalanuvchilar onlayn sayohatni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.

“Audiogidning birinchi bosqichi Samarqandda ShHT sammiti ochilishi arafasida yo‘lga qo‘yildi. Shaharning diqqatga sazovor joylari haqida ma’lumotlarni rus va ingliz tillarida olish mumkin”, deyiladi xabarda.

Ilovani istalgan mobil brauzer orqali URL manzilini kiritish yoki QR kodni skanerlash orqali ochish mumkin.
Ilovani Turizm va madaniy meros vazirligining veb-saytida , barcha madaniy va tarixiy obyektlarda (QR kodlari orqali) ham yuklab olish mumkin.
Ma’lumot uchun, mazkur ilovani yaratish uchun Turizm va madaniy meros vazirligi Fransiyaning Orpheo kompaniyasi bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi.