TOShKENT, 9 sen — Sputnik. Iqlim o‘zgarishlari ko‘rsatkichlarini o‘lchab borish meteostansiyasi yaratildi. Bu haqida Energetika vazirligi matbuot xizmati rahbari Elmira Bekmurodova ma’lum qildi.
Aytilishicha, meteostansiyaning sanoat namunasi quyosh radiatsiyasi, shamol tezligi va yo‘nalishi, havo harorati va namligi hamda yog‘ingarchilik miqdorini o‘lchab boradi.
“Meteostansiya boshqaruv dasturi ishlab chiqildi va Intelektual mulk agentligidan elektron hisoblash mashinalari (EHM) dasturi uchun patent guvohnomasi olindi”, deyiladi xabarda.
Meteostansiya datchiklaridan olingan ma’lumotlar distansion tarzda asosiy kompyuterga uzatiladi va tahlil qilib boriladi.
Meteostansiya energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutida yaratildi.