TOShKENT, 8 sen — Sputnik. O‘zbekistonda 1-sentabrdan boshlab qarindosh bo‘lmagan shaxslarni “propiska”dan chiqarishda ularning roziligini olish talab etilmaydi. Bu haqda prezidentning PF-198- sonli farmonida nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, mulkdor bilan qarindoshlik aloqalariga ega bo‘lmagan shaxslarni (tanishlar, uzoq qarindoshlar) ushbu turar joydan doimiy ro‘yxatdan – "propiska"dan chiqarish uchun ularning roziligi so‘ralmaydi.
Tegishli organlar ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi 2,5 yilda fuqarolik sudlariga shaxsni turar joydan ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha 8 954 ta da’vo arizalari kiritilgan, shundan 7 311 tasi (82 foizi) qanoatlantirilgan.
Shuningdek, sud tomonidan turar joyni sotib olgan shaxs insofli egallovchi deb topilganda, jismoniy shaxsdan ushbu turar joyni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab uch yil o‘tgach natura shaklida talab qilib olish ta’qiqlanadi.
Agar turar joy UZKAD tizimidagi noto‘g‘ri ma’lumotlarga ishonib xarid qilingan bo‘lsa, 3-yildan keyin sotib oluvchidan (insofli egallovchi) ushbu uyni talab qilib olish mumkin emas. Dastlabki mulkdorga yetkazilgan zarar davlat tomonidan qoplanib, keyinchalik aybdordan undiriladi.
Yana bir o‘zgartirishlardan biri – bu “snos” jamg‘armalari, ular Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish bo‘yicha respublika va hududiy maqsadli jamg‘armalarga aylantirildi.
2023 yil 1-yanvardan boshlab, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan quyidagi zararlar shu jamg‘armalardan to‘lab beriladi:
ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestriga noqonuniy yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarning kiritilishi natijasida unga ishonib harakat qilgan shaxslarga yetkazilgan zarar;
davlat organi, mansabdor shaxs, xususan, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning qonunga xilof harakatlari natijasida mulkdorga yetkazilgan, sud qarori bilan aniqlangan zarar;
turar joy insofli egallovchidan talab qilib olinmasligi natijasida uning haqiqiy egasiga yetkazilgan zarar.